Surxondaryo viloyatining Uzun tumanida fuqarolarning pensiya va nafaqa pullarini “1Xbet” onlayn oʼyinlariga ishlatib yuborgan АT “Xalq banki” kassiri ushlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti maʼlum qildi.
Qayd etilishicha, АT “Xalq banki” Uzun filialining murojaatiga asosan oʼtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, filialning 2-son sayyor kassasi kassiri А.А. joriy yilning fevral-mart oylarida oʼziga biriktirilgan hududda 278 nafar fuqaroga naqd pul koʼrinishida chiqarilgan jami 121,1 mln soʼm pensiya va nafaqa pullarini soxta imzolar qoʼyish orqali oʼzlashtirib, “1Xbet” onlayn kazino oʼyinlariga ishlatib, talon-toroj qilgani aniqlangan. Tekshiruv davomida departament aralashuvi bilan 117 mln soʼm qaytarilgan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (oʼzlashtirish yoki rastrata yoʼli bilan talon-toroj qilish) va 228-moddasi (hujjatlarni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishi qoʼzgʼatilib, tergov harakatlari oʼtkazilmoqda.