“Zaharlanishning eng xavflisi – ogohlantirmay boshlanadiganidir.”
📍 Katta hudud – katta javobgarlik
Navoiy viloyati – O‘zbekistonning eng yirik yer maydoniga ega bo‘lgan ma’muriy hududi. Respublikamiz bo‘yicha eng ko‘p sanoat ob’ektlari aynan shu yerda joylashgan. Bu tasodifmi? Yo‘q. Bu iqtisodiy zarurat bilan izohlanadi.
Ammo yirik ishlab chiqarish hududi bo‘lish – bu nafaqat iqtisodiy foyda, balki katta ekologik mas’uliyat ham demakdir.
📉 Navoiy – ishlab chiqaruvchilar manzili. Ammo aholi-chi?
Bugungi kunda Navoiy viloyati:
60+ yirik sanoat korxonasi,
3+ energiya ishlab chiqarish markazi,
Yuzlab kimyoviy va metallurgik chiqindilar bilan ishlovchi obyektlarga ega.
Biroq, rasmiy statistikalar shuni ko‘rsatadiki, Navoiy viloyatida so‘nggi 10 yilda nafas yo‘llari kasalliklari 2,3 baravarga oshgan (Sog‘liqni Saqlash Vazirligi hisobotlari, 2022).
Ushbu o‘sish dinamikasi O‘zbekistonning boshqa viloyatlariga nisbatan eng yuqori ko‘rsatkichlardan biridir.
🧪 Kimyo sanoati va yashirin ta’sirlar
Kimyo sanoati har doim ham inson salomatligi uchun xavf tug‘dirgan. Bu global fakt. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) hisobotiga ko‘ra, kimyoviy ifloslanishdan kelib chiqqan o‘limlar soni dunyo bo‘yicha har yili 7 milliondan ortiq.
Shuningdek, AQShda 1976-yildan boshlab “Toxics Substances Control Act” (TSCA) qabul qilindi – bu orqali har bir kimyoviy zavod havoga chiqargan gazlar bo‘yicha ruxsat darajalari qat’iy nazorat ostiga olindi.
Bundan biz qanday xulosa chiqaramiz?
Kimyo sanoatining faoliyati hech qachon to‘liq xavfsiz bo‘lmagan. Masala faqat uning ochiqligi va nazoratga bo‘ysunish darajasida.
🌫 Havoda nimani nafas olayapmiz?
Atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi tomonidan 2023-yilda o‘tkazilgan monitoringlar shuni ko‘rsatdi: kimyoviy ishlab chiqarish obyektlari yaqinidagi havo namunalarida amonyak va azot dioksidi miqdori O‘zR me’yorlaridan 2-3 baravar yuqori chiqqan.
Agar ushbu gazlar doimiy ravishda odam organizmiga tushsa:
Immunitet sustlashadi,
Yurak qon-tomir tizimi zarar ko‘radi,
Bolalarda astma va allergiya kuchayadi,
Saraton xavfi oshadi.
Shu sababli jahon bo‘yicha ko‘plab davlatlar — ayniqsa Germaniya, Yaponiya, Norvegiya — bunday gazlar chiqindisini minimal darajaga tushirgan sanoat zonasiz modelga o‘tgan.
🌍 Xalqaro tajriba: qanday qilib hal qilinadi?
Minamata fojiasi (Yaponiya, 1956-yil): Xavfsiz deb o‘ylangan ishlab chiqarish oxir-oqibat minglab odamni nogiron qildi. Sanoat chiqindilari dengizga tushdi, baliqlar orqali insonlarga yetdi.
Erin Brockovich ishi (AQSh, 1996-yil): Suv manbalariga chiqindilar tashlanganidan keyin yuzlab odamlar og‘ir kasalliklarga chalindi. Sud orqali milliardlab tovon puli to‘landi.
Bu misollar shuni anglatadiki — inson salomatligi hisobiga erishilgan iqtisodiy muvaffaqiyat oxir-oqibat o‘zini oqlamaydi.
💬 Sukunat – eng xavfli ko‘rinish
Bugun bizga statistikani, havodagi ammiak darajasini, suvdagi nitrat miqdorini, bolalar o‘rtasidagi o‘pka kasalliklari sonini ochiq raqamlarda berishmayapti. Balki bu mavjud emasdir? Balki bu ochiqlanishi xohlanmayotgandir?
Lekin fakt bitta: agar xalq nafas olayotgan havodan cho‘chisa, bu masala davlat darajasida ko‘rib chiqilishi kerak.
📣 Biz nimani talab qilamiz?
Havoni real vaqtda monitoring qiluvchi stansiyalar soni oshirilsin.
Har chorakda sanoat korxonalari ekologik chiqindilari haqida ommaviy hisobot e’lon qilinsin.
Zararli modda chiqargan korxonalarga jarimalar real qo‘llanilsin, bu jarimalar mahalliy sog‘liqni saqlashga yo‘naltirilsin.
Navoiy viloyati ekologik favqulodda holatga yaqin hudud sifatida maxsus davlat dasturni talab qiladi.
🧭 Yakun: Xalqni sog‘lig‘i — boylikdan ustun
Biz hech kimni ayblamayapmiz. Lekin o‘z ko‘zimiz bilan tutunni ko‘rayapmiz, o‘z burunlarimiz bilan achchiq havoni his qilyapmiz, o‘z bolalarimizda astma ko‘payayotganini ko‘ryapmiz.
Shu holatda jim qolish – bu xalq oldida xiyonat.
“Havo – bu umumiy boylik. Uni zaharlash esa – barchamizga qilingan hujum.”
Navoiy yurtining havosi toza bo‘lsin. Kimdir shunchaki ishlab chiqarish qiladi, ammo biz bu yerda yashaymiz. Nafas olamiz. Va farzandlarimiz ham shu havoni yutadi.