Rossiyaning “Rosatom” davlat korporatsiyasi O‘zbekistonda atom elektr stansiyasini (AES) qurish loyihasi hozircha tomonlar muhokamasida. Bu haqda “Interfaks” xabar bermoqda.
Ushbu loyihaning tafsilotlari hozir hamkasblarimiz bilan muhokama qilinmoqda. Biz AES qurilishi mamlakatlarimiz manfaatlariga mos keladigan ikki tomonlama hamkorlikning strategik loyihasi ekanligini juda yaxshi tushunamiz, — deydi “Rosatom” xalqaro tarmog‘i prezidenti Vadim Titov.
Shuningdek, “Rosatom” O‘zbekistonning shamol energetikasini rivojlantirishda ishtirok etishini taklif qilmoqda. Chunki “Rosatom” Rossiyadagi shamol elektr stansiyalarining eng yirik operatori hisoblanadi.
Bundan tashqari, korporatsiya O‘zbekistonda tibbiyot mahsulotlarini sterilizatsiya qilish va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash uchun ko‘p funksiyali nurlanish markazi loyihasini amalga oshirmoqda.