4-aprel kuni Yunusobod tumanining Alisher Navvoiy ko‘chasi, “Turkiston” san’at saroyiga kirish qismidagi teraklar kesib tashlandi, deb xabar beradi Telegram’dagi “Ekologuz” kanali. Toshkent shahar ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasining ma’lum qilishicha, daraxtlar tabiiy omillar ta’sirida kuchli zararlangan.

Davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalarni kesish yuzasidan 351-sonli xulosasiga ko‘ra, kesilgan to‘rtta terak va bitta chinor “kasallangan, qurigan, shuningdek, insonlarning hayoti va sog‘lig‘iga hamda mol-mulkiga tahdid solgan”.

Bundan tashqari, Mirzo Ulug‘bek tumani Buyuk ipak yo‘li ko‘chasida ham daraxtlar kesilgan. Aniqlanishicha, Toshkent shahri Yakkasaroy tumani Bobur ko‘chasida 10 ta chinor, 1 ta shumtol, 1 ta eman, jami 14 ta daraxt; Mirzo Ulug‘bek tumani Mustaqillik shoh ko‘chasi va Do‘rmon yo‘li ko‘chasi bo‘ylab 3 ta kashtan, 4 ta archa, 2 ta shumtol, 7 ta qarag‘ay jami 16 ta daraxt kesilishi rejalashtirilgan. Qolgan daraxtlar uchun olingan xulosalar e’tirozli sabablar bilan taqdim etilmagan.

Toshkent shahar ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi Mirzo Ulug‘bek tumani Buyuk ipak yo‘li ko‘chasida kesilgan 4 ta terak va 1 ta chinor noqonuniy emas, balki qonuniy tartibda kesilgan deya rasmiy munosabat bildirgan.

Daraxtlarni kesish uchun berilgan xulosalarni 3 bandida har bir kesilgan daraxt va butalar uchun kompensatsiya tarzida 10 tup qimmatligi jihatidan kesiladigan daraxt va butalardan kam bo‘lmagan, yirik o‘lchamli ko‘chat ekish, hamda ularni kamida ikki yil davomida parvarish qilish, noqonuniy kesilgan daraxt va butalar uchun esa uch yil davomida parvarish sharti bilan 100 tup ko‘chat ekish majburiyati yuklanadi, deb qayd etilgan.

“Xulosalarning izoh qismida mazkur xulosalar arizada ko‘rsatilgan daraxtlarni kesish (butalash ko‘chirib o‘tazish) uchun asos bo‘lmaydi, tuman hokimligining ruxsatnomasi yoki qarorsiz kesish ma’muriy va jinoiy javobgarlikka olib keladi, deyilgan. Xo‘sh shahar hokimining qarori qani? Nega Toshkent shahar Ekologiya boshqarmasi shahar hokimi qarori bilan tanishmay, daraxtlarni kesishga ruxsat bergan?”, — deyiladi xabarda.