Oʼzbekistonda 150 turdagi zarur dori vositalarda uzilish boʼlishi xavfi kutilmoqda.

 

Oʼzbekistonda tashqi omillar hisobiga 150 turdagi zarur dori vositalarda uzilish boʼlish xavfi mavjud. Shuningdek, mamlakatda qalbaki va kontrafakt dorilar sotilishiga haligacha barham berilgani yoʼq, amaliyotda 15 foizlik narx preferentsiyasi ishlamaydi. Bu haqda bugun, 12 aprel kuni Oʼzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev aholini farmatsevtika mahsulotlari bilan uzluksiz taʼminlash, yangi turdagi dori vositalarini ishlab chiqarishni oʼzlashtirish chora-tadbirlari yuzasidan boʼlib oʼtgan yigʼilishda soʼz ochdi.

“Hududlarni dori vositalari bilan taʼminlanganini tahlil qildim – bu mutlaqo qoniqarsiz. Shuning uchun oʼzimizda ishlab chiqarilgan dori vositalarini koʼpaytirish boʼyicha keskin choralar koʼrishimiz shart”, deydi Prezident.

Qayd etilishicha, barcha farmatsevtika korxonalari bilan uchrashuvlar oʼtkazilgan. Ular tomonidan 50 ga yaqin muammo oʼrtaga tashlangan. Jumladan:

• tibbiyot muassasalari tomonidan davlat xaridlarida dori vositalarini “savdo nomi” bilan joylashtirish, bir necha dorilarni bitta lotga qoʼyish holatlari mavjud;

• mahalliy ishlab chiqaruvchilar amaliyotda 15 foizlik narx preferentsiyasidan foydalana olmayapti;

• tashqi omillar hisobiga 150 turdagi aholi uchun kerakli dori vositalarida uzilish boʼlishi xavfi mavjud;

• korxonalar bilan mahsulotini 3 yil davomida kafolatli sotib olish (ofteyk) tizimini joriy qilish boʼyicha amaliy ishlar boshlanmadi.

Bundan tashqari, ichki bozorda qalbaki va kontrafakt dorilar sotilishiga haligacha barham berilgani yoʼq.

Misol uchun, 2021 yilda 24 turdagi qalbaki, 400 turdagi sifatsiz, 1,5 mingdan ziyod nomdagi kontrafakt va 2,5 ming nomdagi roʼyxatdan oʼtmagan dori va tibbiyot buyumlari savdosi aniqlangan. Bosh prokuraturaga bu boradagi nazoratni kuchaytirishi zarurligi koʼrsatib oʼtilgan.

Qayd etilishicha, mamlakatda yiliga 1,6 milliard dollarlik 1,5 mingdan ziyod turdagi farmatsevtika mahsulotlari isteʼmol qilinadi. Shundan 647 turdagi dori va tibbiy buyumlar oʼzimizda ishlab chiqarilgani bilan, har yili qariyb 1,2 milliard dollarlik mahsulotlar import qilinmoqda.

Qashqadaryo, Surxondaryo, Xorazm, Buxoro va Fargʼonada isteʼmol qilinadigan dorining atigi 2−5 foizi mahalliy ishlab chiqaruvchilar hissasiga toʼgʼri keladi.

Loading

Ob-havo

Tezkor xabar yo`llash

Tezkor xabar yo`llash