Toshkent shahar IIBB o‘zbekistonliklarni plastik kartalardagi pullarni o‘g‘irlashning yangi usuli paydo bo‘lgani haqida ogohlantirdi.
Qayd etilishicha, so‘nggi paytlarda Toshkent shahar IIBBga o‘zgalar plastik kartalaridan pul mablag‘larini o‘zlashtirishning yangi firibgarlik yo‘llari haqidagi murojaatlar kelib tushishi ko‘payib bormoqda.
Noma’lum shaxslar o‘zi tanlagan ma’lum bir guruh a’zolariga guruh ma’murlari nomidan tasodifiy tarzda aniqlanadigan “aksiyada” g‘olib bo‘lgani haqida xabar yubormoqda. Shundan so‘ng, ular pul mukofotini g‘olib bo‘lgan foydalanuvchi plastik kartasiga o‘tkazishga tayyor ekaniga ishontirib, buning uchun havolaga amal qilishni so‘raydi.
Bildirilishicha, bunday havolalar esa O‘zbekistonda ma’lum bo‘lgan to‘lov tizimlari saytlariga olib boruvchi havolalarga o‘xshashligi sababli, ko‘pchilik fuqarolarning e’tiborsizligi va yanglishib qolishi oqibatida salbiy holatlarga olib kelmoqda.
Toshkent shahar IIBB internet foydalanuvchilarini hushyor hamda e’tiborli bo‘lishga, turli xil lotereyalardagi “tasodifiy” yutuqlarga ishonmaslikka, shubhali havolalarga kirmaslikka va plastik kartalari ma’lumotlarini kiritmaslikka chaqirgan.
“Ayniqsa, kartangizning amal qilish muddatini ko‘rsatish va SMS orqali kelgan “tasdiqlash kodi”ni yuborish haqidagi so‘rov shubha uyg‘otish uchun asos bo‘ladi.
Agar, hozirda sizning plastik kartangizda pul mablag‘lari bo‘lmasa ham, maxfiy ma’lumotlarni kiritish firibgarlar uchun kelajakda sizning kartangizdan g‘araz niyatlarda foydalanib, hisobingizdagi barcha pullaringizni yechib olish imkonini beradi.
Iltimos, internet tarmog‘i orqali sizga kelayotgan har qanday xabarlardan ogoh bo‘ling”, deyiladi rasmiy xabarda.