Prezident Shavkat Mirziyoyev 4-mart kuni Islomobod shahrida Pokistonning yetakchi kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda davlat rahbarining matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuvda Nishat Grupp, Getz Farma, Piramid Lojistiks, Ejaz Grup, AKD Grup, Vax Nobel Grupp, Najib Fayber, Sapfir Grup kabi ko‘plab kompaniyalar rahbarlari ishtirok etgan.
Ushbu shirkatlarning umumiy aktivlari 40 milliard dollardan ziyodni tashkil etadi.
“Davlatimiz rahbari xorijiy tashriflari chog‘ida bunday uchrashuvlar o‘tkazishga alohida vaqt ajratadi. Bu O‘zbekistonning hamkorlikka intilishi yuqori ekanini namoyon etib, ishbilarmonlarning ishonchini oshirmoqda”, — deyiladi xabarda.
Uchrashuvda O‘zbekistonda iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida bozor mexanizmlari joriy qilinayotgani, biznes rivojini cheklaydigan to‘siqlar bartaraf etilgani ta’kidlangan. Taraqqiyot strategiyasi asosida xorijiy biznes ishtirokini kengaytirish borasidagi ishlar izchil davom ettirilmoqda.
Ta’kidlanishicha, bugungi kunda O‘zbekiston bilan Pokiston o‘rtasidagi munosabatlar strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilgan. Jumladan, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy sohalarda tizimli aloqalar yo‘lga qo‘yilgan. Keyingi yillarda ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo hajmi 5 barobar oshgan. Pandemiya cheklovlariga qaramay yil boshidan beri ushbu ko‘rsatkich yana 70 foiz o‘sgan.
Shavkat Mirziyoyev so‘zining avvalida Pokiston bosh vaziri bilan o‘tkazilgan muzokaralar natijalariga to‘xtalgan.
“Tarixiy tashrifimiz davomida ilk bor Imtiyozli savdo bitimini imzoladik. Transport va tranzit sohasidagi hamkorlikni alohida nazoratga olishga kelishib oldik. Asosiy maqsadimiz – mahsulotlarni davlatlarimiz o‘rtasida to‘siqsiz va eng qisqa muddatlarda yetkazib berish tizimini yaratishdan iborat”, — deydi Shavkat Mirziyoyev.
Bunday e’tibor va sharoitlar o‘zaro aloqalarni faollashtirib, yaqin yillarda tovar ayirboshlash hajmini 500 million dollarga, kelgusida esa 1 milliard dollarga yetkazish uchun mustahkam zamin yaratishiga ishonch bildirilgan.
O‘zbekiston prezidentining tashrifi arafasida Islomobodda o‘tgan biznes forumda to‘qimachilik, farmatsevtika, qurilish materiallari, bank-moliya, kimyo sanoati va boshqa yo‘nalishlarda umumiy qiymati 800 million dollarlik savdo va investitsiya loyihalari bo‘yicha kelishuvlarga erishilgan edi. Bu loyihalarning barchasi sanoat kooperatsiyasi dasturiga kiritilib, qat’iy nazoratga olinishi qayd etilgan.
O‘zbekiston prezidenti Pokiston kompaniyalarini birgalikdagi loyihalarni ko‘paytirishga chaqirgan.
“Bugun sizlarning aniq takliflaringizni eshitmoqchiman. Bu yerda hukumat a’zolari, sanoat tarmoqlari mas’ullari yig‘ilgan. O‘zbekistonda biznesingiz uchun qanday sharoit, nima kafolat kerak bo‘lsa, ko‘rib chiqishga tayyormiz”, — deya ta’kidlagan Shavkat Mirziyoyev.
Uchrashuvda hamkorlikning yangi yo‘nalishlari, turli sohalarda mavjud imkoniyatlar yuzasidan fikr almashilgan. Istiqbolli loyihalar muhokama qilingan.
Shavkat Mirziyoyev ishbilarmonlarning rejalarini ma’qullab, barcha tashabbus va shartnomalarni o‘z ichiga olgan “yo‘l xaritasi” ishlab chiqish bo‘yicha mutasaddilarga topshiriq bergan.
3-mart kuni Shavkat Mirziyoyev davlat tashrifi bilan Pokistonga bordi. Pokiston bosh vaziri qarorgohida O‘zbekiston prezidentini rasmiy kutib olish marosimi bo’lib o’tdi. . Shundan so‘ng, Shavkat Mirziyoyev Pokiston bosh vaziri Imron Xon bilan tor doirada muzokara o’tkazdi va strategik sheriklikka oid qo‘shma deklaratsiyani imzoladi.