2022-yilning may oyigacha Toshkent avtobuslari konduktor ishtirokisiz naqd to‘lovni onlayn qayd qilish tizimi bilan jihozlanadi.
Ma’lum qilinishicha, mazkur tizimning joriy qilinishi haydovchilarga “naqd bo‘yicha reja”ning bajarilish talabini bekor qilish imonini beradi. “Podrobno” nashrining yozishicha, loyiha bilan ATTO operatori shug‘ullanmoqda.
“Bugungi kunda yo‘lovchilarning 60 foizi transport kartalari va onlayn to‘lovlardan foydalanadi, 40 foizi esa naqd pul bilan to‘lashni afzal ko‘radi. Shu munosabat bilan haydovchilar uchun reja mavjud. Naqd to‘lovlarni onlayn qayd etishni ta’minlaydigan tizimning joriy qilinishi bu talabni bartaraf etadi”, — deydi Toshkent transport boshqarmasi boshlig‘i Anvar Jo‘rayev poytaxt hokimligida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumani davomida.
Ta’kidlanishicha, xizmat ko‘rsatish sifatidan kelib chiqqan holda jamoat transportini moliyalashtirishning yangi tizimiga o‘tish prezident qarori bilan ko‘zda tutilgan.
“Bugungi kunda poytaxt avtobuslari haydovchilarining maoshi ikki omil — reyslarning muntazamligi va daromad rejasini amalga oshirishga bog‘liq. Rejadan xalos bo‘lgach, haydovchilar o‘z vaqtida bekatga borishlari kerak bo‘ladi xolos”, — deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, Toshkent shahar jamoat transporti — avtobus va metropoliten yo‘nalishlarida avtomatlashtirilgan to‘lov tizimini joriy etish ishlari 2021-yil 1-yanvardan boshlangan. ATTO operatori tomonidan taqdim etilgan imtiyozli (talaba, ijtimoiy, o‘quvchi) transport kartalari esa 2021-yil 1-yanvardan boshlab amalga kiritildi. 2021-yilning noyabrida Toshkentdagi barcha “marshrutka”lar transport kartalaridan foydalanishga o‘tishi ma’lum bo‘lgandi.