Qashqadaryodan Toshkentga 500 kilogramga yaqin isteʼmolga yaroqsiz go‘sht olib ketayotgan shaxs Sirdaryo hududida to‘xtatildi. Bu haqda Sirdaryo viloyati IIB Matbuot xizmati xabar berdi.
Joriy yilning 11 aprel kuni o‘tkazilgan tadbir davomida “Qashqadaryo – Toshkent” yo‘nalishida harakatlanib o‘tayotgan Nexia-1 rusumli avtotransport vositasi “Sirdaryo” YPX maskanida xolislar ishtirokida to‘xtatilib tekshirilgan. Natijada Qashqadaryo viloyati, Chiroqchi tumani, Torjilg‘a qishlog‘ida yashovchi, 1986 y.t, fuqaro E.SH boshqaruvidagi avtotransport yuk xonasida hech qanday hujjatlarsiz, kelib chiqishi nomaʼlum bo‘lgan 446 kg hayvon go‘shti borligi aniqlangan.
Ushbu go‘sht mahsulotlari viloyat Hayvonlar kasalliklari tashxisi va oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi davlat markaziga olib kelinib, laboratoriya tekshiruvlaridan o‘tkazilganda, isteʼmolga yaroqsiz ekanligi maʼlum bo‘lgan.
Isteʼmolga yaroqsizligi to‘g‘risida laboratoriya xulosalari olingan.
Ushbu go‘sht mahsulotlari viloyat Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boshqarmasining tegishli xulosasiga asosan ko‘mish yo‘li bilan yo‘q qilingan. Fuqaro E.SH boshqaruvidagi Nexia-1 rusumli avtotransport vositasi tegishli tartibda qonuniy chora ko‘rish uchun Sirdaryo viloyati IIB jarima maydoniga qo‘yilgan.
Hozirda aniqlangan holat yuzasidan Sirdaryo viloyati IIB jinoyat-qidiruv bo‘limi masʼul xodimlari tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.