Navoiy viloyati, Qiziltepa tumanida ayanchli va adolatdan yiroq voqea sodir bo‘ldi. Axmadov Shahriyor ismli erkak, o‘z farzandlari uchun aliment to‘lashga majbur qilingani bois, xotini Zamirani umurtqasini sindirib, uni umrbod nogironlikka mahkum etdi.
Oilaviy zo‘ravonlikdan falaj hayotga
Zamira yillar davomida eri tomonidan doimiy kaltak va haqorat ostida yashagan. Biz esa odatdagidek “urf-odat”, “o‘zbekchilik”, “oilani saqlash” degan bahonalar bilan uni vaqtida himoya qila olmadik. Nihoyat, u o‘zini qutqarish uchun ajralish arizasini berdi.
Sud 2025-yil 12-avgustda ajrim ishini ko‘rib chiqib, Shaxriyorni 4 nafar farzandiga aliment to‘lashga majbur qildi. Oradan bir kun o‘tib esa, Shaxriyor telefon orqali: “Alimentdan voz kech, aks holda mendan yaxshilik kutma”, deya tahdid qildi.
Jinoyat yoki “baxtsiz hodisa”?
14-avgust kuni ertalab Shaxriyor “Damas” mashinasini haydab, yo‘l chetida ketayotgan Zamirani ataylab urib yubordi. Ayolning umurtqa pog‘onasi sinib, belidan pastga qismi falaj bo‘ldi. Hozir ham u shifoxonada og‘ir ahvolda.
Eng dahshatlisi shundaki, tergovchi bu voqeani qasddan odam urib ketish emas, balki “transport vositasidan foydalanish qoidabuzarligi” deb malakaladi. Ya’ni, ataylab suiqasd qilgan erkak atigi 3 yilgacha qamoq jazosi bilan “qutulib” ketishi mumkin!
Tizim kimni himoya qilmoqda?
Ayol muntazam kaltaklanadi – “oilani saqlash kerak” deyishadi.
Ajrashmoqchi bo‘ladi – unga 3 oy “yarashish muddati” belgilashadi.
Aliment talab qiladi – er uni o‘ldirishga urinish darajasiga yetadi.
Sud-tergov esa voqeani “baxtsiz hodisa” sifatida rasmiylashtiradi.
Bu qanday adolat?
Nega ayolning hayoti, sog‘ligi, bolalarining kelajagi pul va patriarxal urf-odatlar soyasida qurbon qilinishi kerak?
Zamira uchun adolat talab qilamiz!
Zamiraning yaqinlari ayolni qutqarish uchun borini sotmoqda, qarzga botmoqda. Shahriyor esa ochiq ko‘chada yuribdi, hattoki xotiniga yana “yaxshilik kutma” deb yozib, uni qo‘rqitishda davom etmoqda.
Bu faqat bitta oilaning dardimi? Yo‘q! Bu – O‘zbekistondagi minglab ayollarning umumiy fojiysi. Zo‘ravonlikdan qochmoqchi bo‘lgan ayol sudda “yarashishga” majbur qilinadi, aliment so‘ragan ona “suiqasd” qurboniga aylanadi, jinoyatchi esa jazodan qutulib ketadi.
Xulosa o‘rnida
Zamira bugun nogiron aravachasiga mixlanib qolgan bo‘lsa, ertaga boshqa bir ayolning qabr ustiga to‘shak yozilishi hech gap emas. Agar tizim zo‘ravonlarni emas, jabrlanuvchilarni jazolashni davom ettirsa, ertaga bu fojia har birimizning uyimiz eshigini taqillatsa ajab emas.
Biz jamiyat sifatida sukut saqlamasligimiz kerak. Har bir “Alimentdan voz kech, yoki mendan yaxshilik kutma” degan tahdid – bu suiqasd! Bu jinoyatni baxtsiz hodisa deb baholash – jinoyatchiga hamkorlik qilishdir.
👉 #AdolatTalabQilamiz #SukutSaqlama