O’zbekistonda bemorning tana harorat 16 darajagacha sovutilib, 12 soatlik operatsiya o’tkazildi.

 

image

Oʼzbekistonda 66 yoshli bemorning tanasi +16 darajagacha sovitilib, 12 soatlik murakkab operatsiya oʼtkazildi. Аyni paytda bemor palataga olingan, ahvoli yaxshi. Bu haqda Sogʼliqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, oʼrtachirchiqlik Toʼxtasin Dehqonov uzoq yillar arterial gipertoniya kasalligi, yaʼni yuqori qon bosimidan jiddiy aziyat chekib kelgan. Biroq shifokorlarga oʼz vaqtida murojaat qilmagani va kerakli muolajalarni olmagani sababli xastalik ogʼir asoratlarni keltirib chiqargan.

Xususan, shu yil yanvarda MSKT tekshiruvidan soʼng uning yurak–qon tomir tizimida jiddiy muammo borligi, aorta qon tomirining yuqori qismi esa katta hajmda shishgani maʼlum boʼlan. Аvvaliga bemor viloyatdagi hududiy shifoxonalarda infarkt tashxisi bilan davolanib yurgan, ammo oʼzgarish boʼlmagan. Oqibatda ikki hafta oldin poytaxtdagi shifoxonalardan biriga oʼta ogʼir ahvolda olib kelingan.

Shundan soʼng Rossiyaning Bakulev nomidagi yurak-qon tomir jarrohligi markazida tajriba orttirib qaytgan mohir kardiojarroh, tibbiyot fanlari doktori, professor Rustam Yarbekov boshchiligidagi shifokorlar bemorni zudlik bilan tekshiruvdan oʼtkazgan.

Tomografiya tekshiruvida aortaning koʼtariluvchi qismi yorilib, qavatlarga boʼlinib, aortaning tushuvchi koʼkrak qismining oʼrtasigacha tromb hosil boʼlgani aniqlangan. Qolaversa, bu yorilish miya tomirlari, uyqu, qoʼl va oʼmrov osti arteriyalariga tarqalganligi hamda aortaning ravogʼi va pastga tushuvchi qismigacha oʼtganligi kuzatilgan.

Tashxis xulosalaridan soʼng vaziyat jiddiy ekani maʼlum boʼlib, bemor darhol operatsiya stoliga yotqizilgan. 12 soat davom etgan murakkab jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli yakunlanib, otaxon ogʼir darddan butkul xalos boʼlgan. Аyni paytda bemor palataga olingan, ahvoli yaxshi.

“Operatsiyaning ogʼir oʼtishini avvaldan bilardik. Sababi ham aortaning koʼtariluvchi va tushuvchi qismi, ham ravogʼi hamda miya tomirlarini sunʼiy protezlash uchun uzoq vaqt talab etiladi. Qolaversa, mazkur amaliyotning noyobligi bemor tanasi 16 darajagacha sovutilib, tanadagi qon aylanishi 112 daqiqaga toʼxtatib qoʼyildi. Faqat braxiotsefal va uyqu arteriyasi orqaligina miya qon bilan taʼminlab turildi”, deydi Rustam Yarbekov.

Аytish lozimki, bu kabi operatsiyalarni oʼtkazish uchun anesteziolog, reanimatolog, perfuziolog kabi malakali tibbiyot xodimlari bilan bir qatorda soʼnggi avlod sunʼiy qon aylanish uskunasi, gipoterm va miyada qon aylanishi va oksigenatsiyani koʼrsatuvchi zamonaviy tibbiy jihozlar talab qilinadi.

Shu sababli ham avvallari bunday amaliyotlar faqat xorijda oʼtkazilgan. Quvonarlisi, kardioxirurgiya sohasiga qaratilayotgan yuksak eʼtibor natijasida bugun Oʼzbekistonda ham ana shunday noyob operatsiyalarni bajarish imkoni yaratildi.

“Shu yil yanvarь oyida koronavirusga chalindim. Buning ustiga, tez-tez qon bosimim koʼtariladigan, yuragim ogʼriydigan, tez charchaydigan boʼlib qoldim. Аyniqsa, oxirgi vaqtlarda juda ham ozib ketdim. Tekshiruvga borganimda yuragimda jiddiy xastalik aniqlandi. Oʼsha paytda yurtimizdagi juda koʼp shifoxonalarga bordik. Biroq koʼpchilik “bu operatsiya murakkab boʼlgani uchun faqat Germaniya, Hindistonda katta mablagʼ evaziga qilinadi” deyishdi. Keyin bilsak, yurtimizda ham bunday amaliyotni oʼtkazish uchun sharoit va malakali shifokorlar bor ekan. Hozir ahvolim ancha yaxshi. Shifokorlarning aytishicha, tez kunda yana sogʼlom hayotga qaytarkanman. Buning uchun ularga katta rahmat”, deydi bemor Toʼxtasin Dehqonov.

Loading

Mavzuga oid xabarlar

Ob-havo

Tezkor xabar yo`llash

Tezkor xabar yo`llash