DXX Samarqand viloyat boshqarmasi hamda viloyat IIB xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda bir guruh shaxslarning tarkibida oltin moddasi bo‘lgan rudalarni noqonuniy tarzda qayta ishlash holatiga chek qo‘yildi.
Viloyatning Paxtachi tumanida yashovchi fuqarolar — 1982-yilda tug‘ilgan S.G‘., 1992-yilda tug‘ilgan T.A. va 1997-yilda tug‘ilgan R.F.larning yashash xonadonlari ko‘zdan kechirilganda ulardan sof oltin moddasi bo‘lgan, taxminan, 3,8 tonna ruda toshlar hamda uchta tosh tegirmoni, ikkita oltin rudasini tozalashga mo‘ljallangan “moyka” uskunalari topilgan. Xolislar ishtirokida hujjatlar rasmiylashtirilgan.
Shuningdek, mazkur ruda toshlarini qayta ishlashda elektr tarmoqlaridan noqonuniy foydalanib, davlatga 239 million so‘m zarar yetkazilganligi aniqlangan.
Holat yuzasidan yuqoridagi shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilishi rejalashtirilib, surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.