O‘zbekiston va Rossiya sanksiyalar sabab g‘arb kompaniyalari mahsulotlari o‘rnini to‘ldirish maqsadida qurilish materiallarini Rossiya bozoriga yetkazib berishni kengaytirishga kelishib oldi. Bu haqda Rossiya Qurilish vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Rossiya qurilish va uy-joy xo‘jaligi vaziri Irek Fayzulin O‘zbekistonning Rossiyadagi elchisi Botir Asadov o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuv davomida xorijdan olib kelinadigan qurilish resurslari o‘rnini O‘zbekistonda ishlab chiqariladigan materiallar bilan qoplash imkoniyati ko‘rib chiqilgan. Buning uchun yaqin vaqtlar ichida ichki bozor ehtiyojini qondirish imkonini beradigan va resurslar o‘rnini egallaydigan qurilish materiallari ro‘yxati tayyorlanadi.

“Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar hamisha do‘stona bo‘lib kelgan, buni ikki tomonlama muloqotning, mintaqaviy va global formatdagi o‘zaro hamkorlikning yuksak faolligi ham tasdiqlaydi. Hozirda yuzaga kelgan ijtimoiy-iqtisodiy sharoitda davlatlarimiz qurilish materiallari ishlab chiqarish bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish, malakali kadrlarni jalb etish uchun qo‘shimcha imkoniyatlarga ega”, — deydi Fayzulin.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirgi geosiyosiy vaziyatda tashqi iqtisodiy strategiyani qayta ko‘rib chiqish, diversifikatsiya qilish, ayrim hollarda hamkorlik yo‘nalishlarini qayta yo‘naltirish masalalari muhim ahamiyatga ega. Birgalikdagi ishlar tarmoqlarning raqobatbardoshligini oshirish, qurilish materiallari va uskunalari kafolatlangan uzoq muddatli bozorni shakllantirish, shuningdek, yangi namunalar va texnologiyalarni yaratish bo‘yicha ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirishga xizmat qiladi.

Shuningdek, uchrashuv davomida O‘zbekistondan mutaxassislarni Rossiya qurilish obyektlariga jalb etish bo‘yicha tajriba loyihasi doirasida xodimlarning o‘zaro hamkorligi yo‘lga qo‘yish muhokama qilingan. O‘zbekistonda Rossiyadagi qurilish obyektlarida talabgor bo‘lgan asosiy ish yo‘nalishlari bo‘yicha o‘rta maxsus ta’lim bazasi shakllantirilgan.