Qashqadaryo viloyatining Mirishkor tumanida 114 yoshli momoga tug‘ilganligi to‘g‘risida guvohnoma berildi. Bu haqda tuman hokimligi axborot xizmati xabar berdi.

“Tumanning ‘Yuksalish’ mahallasida yashovchi Hayit momo Bayramova 114 yildan buyon shaxsini tasdiqlovchi hujjatsiz yashab kelgan. Hayit momoning farzandi Mirishkor tuman adliya bo‘limiga murojaat qilib, 1908-yilda tug‘ilgan onasining tug‘ilganligi haligacha qayd qilinmaganini bildirgan. Adliya bo‘limi to‘plangan hujjatlarni fuqarolik ishlari bo‘yicha Kasbi tumanlararo sudiga yuborgan”, — deydi tuman hokimligi axborot xizmati rahbari Azizbek Yazdurdiyev.

Ta’kidlanishicha, 28-mart kuni fuqarolik ishlari bo‘yicha Kasbi tumanlararo sudi raisi Sh.To‘xtayev raisligida Hayit Bayramova yashayotgan xonadonda sayyor sud bo‘lib o‘tgan.

“Tuman adliya bo‘limi boshlig‘i Sardar Karabayev, mahalla raisi va boshqar tashkilot mas’ullari ishtirok etgan sud ishida Hayit momo Bayramovaning tug‘ilganlik fakti belgilandi. Unga tez orada fuqarolik pasporti beriladi”, — deydi Mirishkor tumani hokimligi axborot xizmati rahbari.