Kecha, 11 aprel kuni Toshkent viloyatining Qibray shahrida ikki yoʼlovchi avtobusining poyga oʼynashi yoʼl-transport hodisasi bilan yakunlandi. Bu haqda “Toshshahartransxizmat” АJ matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, 11 aprel kuni soat 14:30 atrofida “2-Аvtobus saroyi” filiali haydovchisi X.U. Isuzu rusumli, saroy raqami 235 boʼlgan avtobusni 199-yoʼnalishda Qibray shahri Аlisher Navoiy koʼchasi boʼylab boshqarib borayotib, “Makro” doʼkoni qarshisida Lacetti rusumli yengil avtomobil bilan toʼqnashuv sodir qilgan. Toʼqnashuv natijasida jarohat olganlar yoʼq.
Hozirda, mazkur yoʼl-transport hodisasi Yoʼl harakati xavfsizligi boshqarmasi xodimlari tomonidan rasmiylashtirilgan. Shuningdek, ushbu yoʼl-transport hodisasi yuzasidan xizmat surishtiruvi oʼtkazilganda, haydovchi X.U. “2-Аvtobus saroyi” filiali haydovchisi А.F boshqaruvidagi Isuzu rusumli saroy raqami 245-boʼlgan 198-sonli avtobus yoʼnalishi bilan oʼzaro poyga oʼynagani aniqlangan.
Yoʼlovchilar va boshqa yoʼl harakati ishtirokchilari hayotini xavf ostiga qoʼygani hamda yoʼl harakati qoidalariga rioya etmagani natijasida yoʼl-transport hodisasi sodir etgani uchun har ikki haydovchi bilan filial oʼrtasida tuzilgan mehnat shartnomalari bekor qilingan. Аvtobusga yetkazilgan zarar aybdor haydovchi tomonidan oʼrnatilgan tartibda undiriladi.