O‘zbekiston hukumatining 12-apreldagi qarori bilan yangi tahrirdagi Yo‘l harakati qoidalari tasdiqlangani haqida xabar berilgan edi. Unga ko‘ra, transportning old o‘rindig‘idagi yo‘lovchilar ham xavfsizlik kamarini taqib olishlari shart bo‘ladi.
Adliya vazirligi tomonidan taqdim etilgan yangi tahrirdagi Yo‘l harakati qoidalari 9-bandida belgilanishicha, konstruksiyasida xavfsizlik kamarlari nazarda tutilgan transport vositasini boshqarayotgan haydovchi va uning old o‘rindig‘idagi yo‘lovchilar harakatni boshlashdan oldin xavfsizlik kamarlarini taqib olishlari shart.
2015-yilda qabul qilingan amaldagi Yo‘l harakati qoidalarida esa harakatlanish vaqtida haydovchi xavfsizlik kamarini taqqan bo‘lishi kerakligi belgilangan.
Quyidagi shaxslarga xavfsizlik kamarini taqmaslikka ruxsat beriladi:
- avtomobilning orqa o‘rindig‘idagi 12 yoshgacha bo‘lgan bolalar;
- o‘quv-mashq transport vositasini o‘quvchi boshqarayotgan vaqtda avtomototransport vositasini yoki shahar elektr transportini boshqarishni o‘rgatuvchi amaliy mashg‘ulotlar instruktori;
- homilador ayollar, salomatligi xavfsizlik kamari taqish imkonini bermaydigan bemorlar (Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan belgilangan kasalliklar ro‘yxatiga muvofiq va ushbu kasalliklar bilan kasallanganligi bo‘yicha tibbiy ma’lumotnoma mavjud bo‘lganda);
- xizmat vazifasini bajarayotgan xodimga biriktirilgan ko‘k yoki qizil yoxud ko‘k va qizil rangli yaltiroq mayoqchasi bilan jihozlangan hamda maxsus rangli bo‘yoq sxemalar va yozuvlar bilan belgilangan transport vositalari haydovchisi va yo‘lovchilari.
Hukumat qarorida, shuningdek, IIVga transportning orqa o‘rindig‘idagi yo‘lovchilar ham xavfsizlik kamarini taqib olishlari inson hayotini saqlab qolish uchun muhim ekanligini keng targ‘ib qilish bo‘yicha manzilli chora-tadbirlar amalga oshirish vazifasi yuklatilgan.
Yangi tahrirdagi Yo‘l harakati qoidalari 2022-yil 1-maydan amalga kiritiladi.