Bu safargi tahririyatimizga kelib tushgan murojaat juda dolzarb hisoblanadi.
Xabaringiz bor 2021-yilning oxirida Surxandaryo viloyati Denov tumanidagi »Indenim» savdo majmuasida katta portlash yuzaga kelgan edi. Oqibatda bir necha do’konlar hamda aholi yashash punktlarining bir qismiga zarar yetgan. Bizga murojaat qilayotgan tadbirkor Surxondaryo viloyati Denov shahri hududidagi »Indenim» savdo kompleksining portlashi oqibatida uyining yarmi katta talofat ko’rgan.
2021 yil 7-dekabrda sodir bo’lgan voqeadan so’ng Surxandaryo viloyati hokimligi va prokuraturasi hodimlari tomonidan matbuot anjumani o’tkazilgan edi. Unda mutasaddilar tez kunlarda ko’rilgan zararlar tegishli tartibda hisoblanishini va jabrlanganlarga yordam qilinishini ta’kidlashgan edi. Ammo mana oradan 4 oydan oshiq vaqt o’tibdiki bizga yuzlanayotgan tadbirkorga e’tibor qaratilmagan.
«Hozirga qadar sug’urta pullari ham berilmasdan kelinmoqda. Bir necha marotaba tegishli joylarga bordik lekin faqat vaqtni o’tkazishayapti, bu yerda kichik summalar emas katta miqdordagi pullar haqida gap ketyapti» – deydi murojaatchi.
Biz esa hokimlikning vakili bilan bog’lanib, masalaning aslida qandayligini va yechimi yuzasidan olib borilayotgan ishlar haqida so’radik. Ismi va ovozini oshkor qilishni xohlamagan mutasaddi xodimning aytishi bo’yicha mazkur masalaning surushtiruv ishlari davom etayotganini, oldindan hech qanday ma’lumot bera olmasligini ma’lum qildi. Umid qilamizki tez kunlarda ushbu muammo qonun doirasida yechimini topadi.
Vakolatimiz doirasida masalalarni yoritib beramiz, yechim topish esa tegishli davlat xodim va tashkilotlarining vazifasi hisoblanadi.