Polshaning Katovitse shahriga 1-mart kuni mahalliy vaqt bilan soat 09:00 da Ukrainadan evakuatsiya qilinayotgan O‘zbekiston fuqarolarini olib ketish uchun Uzbekistan Airways aviakompaniyasining uchinchi samolyoti kelib qo‘nadi, deb xabar berdi “Dunyo” agentligi.
Ma’lum qilinishicha, elchixona xodimlari navbatdagi 250 nafar O‘zbekiston fuqarosini soat 07:00 ga qadar manzilga yetkazish maqsadida aeroportga yetib kelishini tashkillashtirmoqda.
Hozirgi vaqtda “Karchova” nazorat-o‘tish punktidagi to‘planish joyida bo‘lib turgan 650 dan ortiq fuqarolar uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan. O‘zbekiston fuqarolarini olib kelish uchun yana qator evakuatsion reyslarni tashkillashtirish ko‘zda tutilmoqda.
Elchixona ma’lumotlariga ko‘ra, Lvov shahridan Polshaga yana 400 nafardan ortiq O‘zbekiston fuqarosi keladi.
Eslatib o‘tamiz, Ukrainadan evakuatsiya qilinayotgan o‘zbekistonliklarning dastlabki guruhi 28-fevral kuni, ikki guruhi esa 1-mart kuni Toshkentga yetib keldi. O‘zbekistonning Polshadagi elchisi Bahrom Boboyevning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina hududida bo‘lgan 1,5 ming nafardan ziyod O‘zbekiston fuqarosi Polsha orqali evakuatsiya qilinishi rejalashtirilgan.