Namanganda Milliy gvardiya viloyat boshqarmasi tomonidan tashkil etilgan chavandozlar maktabi ochildi.

Buning uchun Namangan shahrining Davlatobod tumanidagi 8 gektarli maydonda joylashgan “Otchopar” majmuasidan joy ajratib berildi.

“Chavandozlar maktabida ot sporti turlari, polo va uloq bilan shug‘ullanish yo‘lga qo‘yiladi. Jami 20 ta zotli ot keltiriladi. Tajribali murabbiylar 12 yosh va undan kattalar uchun haftasiga 5 kun davomida chavandozlik sirlarini o‘rgatadi. Shuningdek, maktabda otlar yordamida davolash — ippoterapiya markazi ochilishi va sayyohlarga xizmat ko‘rsatish uchun imkoniyatlar yaratilishi ham ko‘zda tutilgan”, — deydi Milliy gvardiya viloyat boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i, mayor G‘ofurjon Qayumov.

Chavandozlar maktabining ochilish marosimida yoshlar uchun to‘siqlardan o‘tish, poyga, ot ustida kurash va kamondan o‘q otish bo‘yicha ko‘rgazmali mashg‘ulotlar namoyish etildi.