Ijtimoiy tarmoqlarda Xorazm viloyati Qo‘shko‘pir tumanida maktab binosining tom qismi qulab tushgani haqida xabarlar tarqaldi. Viloyat Xalq ta’limi boshqarmasi holatga munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, Qo‘shko‘pir tumani “Chamanzor” mahallasida joylashgan bino oldingi tuman politexnika va tadbirkorlik kasb-hunar kollejiga tegishli bo‘lib, 2019-yilda 8-son umumiy o‘rta ta’lim maktabi tashkil qilingan. Maktab 540 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, bugungi kunda maktabda 318 nafar o‘quvchi 0.6 koeffitsiyent bilan ta’lim oladi.
Bundan tashqari, mazkur maktab balansida 2007-yil qurilgan 100 o‘rinli yotoqxona binosi hamda 1977-yilda qurilgan amaliyot binosi (oldingi Avtobaza balansida bo‘lgan so‘ngra kollej balansiga o‘tkazilgan) hozirgi kunda foydalanilmasdan, yopib qo‘yilgan yordamchi binolar mavjud.
2022-yil 29-mart kuni soat 14:00 lar atrofida foydalanilmasdan turgan yordamchi binoning tom qismidagi 1 ta dona PNS tom yopma plitasi yillar davomida chakka o‘tishi oqibatida o‘pirilib tushgan. Shu kunning o‘zidayoq tuman xalq ta’limi bo‘limi tomonidan Xorazm viloyat qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyaga binoning texnik holatini o‘rganib berish yuzasidan murojaat qilingan.