O‘zbekistonda yangi tahrirdagi Yo‘l harakati qoidalari tasdiqlangani to‘g‘risida xabar berilgandi. Shundan so‘ng ijtimoiy tarmoqda Vazirlar Mahkamasi yangi yo‘l harakati qoidalarini jamoatchilik muhokamasisiz tasdiqlagani e’tirozlarga sabab bo‘ldi. Yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining ma’lum qilishicha, hujjat loyihasida Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida 15 kun davomida muhokama qilingan.

Ma’lum qilinishicha, Ichki ishlar vazirligi tomonidan “Yo‘l harakati qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Vazirlar Mahkamasining qarori loyihasi ishlab chiqilib, keng jamoatchilikning fikr va mulohazalarini o‘rganish maqsadida 2021-yil 30-noyabr kuni ID-53261 raqami bilan Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga joylashtirilgan. Loyiha 15 kun davomida ushbu portalda muhokama etilib, 2021-yil 15-dekabr kuni muhokama yakunlangan.

Mazkur qarorga muvofiq aholi punktlarida transport vositalarining tezligini 70 kilometr/soatdan, maktab va maktabgacha ta’lim tashkilotlari atrofidagi yo‘llarda 300 metrgacha bo‘lgan masofada 30 kilometr/soatdan, turar joy dahalari va yondosh hududlarda, uy-joy binolari orasidagi yer uchastkasida esa soatiga 20 kilometr oshirmasdan harakatlanishga ruxsat etiladi.

Bunda “Avtomobil yo‘llarida inson xavfsizligini ishonchli ta’minlash va o‘lim holatlarini keskin kamaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qaroriga ko‘ra, yo‘l harakati xavfsizligi bo‘yicha Respublika komissiyasi qarori bilan Toshkent, Nukus shaharlari va viloyatlar markazlarida yuqori harakat intensivligi va odamlar gavjum joylarda maksimal tezlikni 60 kilometr/soatgacha kamaytirish mumkin.

Yengil avtomobillarda yuk tashishga, ularning tom qismiga o‘rnatilgan yukxonadagi yukning balandligi 1 metrdan (maxsus moslamalar bilan mustahkamlangan holda velosipedlarni tashish bundan mustasno) va uzunligi avtomobil gabaritidan yarim metrdan oshmagan taqdirda yo‘l qo‘yiladi. Yuk avtomobillar yo‘l harakati qoidalarida belgilangan ayrim istisnolardan tashqari barcha holatlarda yo‘lning faqat o‘ng qatnov qismidan harakatlanishi shart.

Transport vositalarining qayrilib olish joylarida va unga 30 metr yetmasdan yoki o‘tib to‘xtash taqiqlanadi. Sutkaning qorong‘i vaqtida va yetarlicha ko‘rinmaydigan sharoitda velosiped yo‘lkasi bo‘lmagan holda yo‘lning qatnov qismida harakatlanayotgan velosipedchilar nur qaytaruvchi kamzulda yoki nur qaytaruvchi elementlar bo‘lgan ustki kiyimda bo‘lishi shartda. Bunda ushbu nur qaytaruvchi elementlar boshqa haydovchilarga ko‘rinadigan bo‘lishi kerak.

Bundan tashqari, 2022-yil 1-maydan boshlab aholi hamda haydovchilar o‘rtasida 7 yoshgacha bo‘lgan bolalarni maxsus bolalar o‘rindig‘ida, 7 yoshdan 12 yoshgacha bo‘lgan bolalarni maxsus ushlab turuvchi moslamali xavfsizlik kamarini taqqan holda tashish, transport vositasining orqa o‘rindig‘idagi yo‘lovchilar ham xavfsizlik kamarlarini taqib olishlari, shuningdek, sutkaning qorong‘i vaqtida va yetarlicha ko‘rinmaydigan sharoitda yo‘lni kesib o‘tishda va yo‘l yoqalaridan yoki qatnov qismining chetidan harakatlanishda piyodalarning ustki kiyimida nur qaytaruvchi elementlar bo‘lishi tavsiya etiladi.