Toshkent viloyati Toshkent tumanida 7-aprel kuni xonadonlardan birida noqonuniy boqilayotgan sher 3 yoshli qizchani tishlab olgani haqida xabar berilgandi. Sog‘liqni saqlash vazirligi qizchaning hozirgi ahvoli haqida ma’lumot berdi.
Qayd etilishicha, bolaning ahvoli qoniqarli, muolajalar reja asosida davom ettirilmoqda.
“Travmatologiya va neyroxirurgiya bo‘limida shoshilinch ravishda barcha kerakli muolajalar o‘tkazildi. Jumladan, quturishga qarshi antirabik vaksina qo‘llanib, jarohatlarga birlamchi jarrohlik ishlovlari berildi”, — deydi Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan 2-son bolalar jarrohlik klinik shifoxonasi bosh shifokori D.Sobirov.
Bemor muassasaga olib kelingan vaqtda umumiy ahvoli o‘rta og‘irlikda baholangan. Hushi joyida bo‘lsa-da, bezovta va qo‘rquv alomatlari ko‘zga tashlangan. Bosh sohasi rentgen va MSKT tekshiruvlaridan o‘tkazilgan. Patologik sinish alomatlari kuzatilmagan. Yosh bemor neyroxirurg, nevropatolog va pediatr kabi qator mutaxassislar tomonidan konsultatsiya qilingan.
Shuningdek, unda qo‘shimcha tarzda yuqori nafas yo‘llarining yallig‘lanishi belgilari bo‘lgani uchun ko‘krak qafasining rentgenografiyasi tekshiruvi o‘tkazilgan. Pediatr tomonidan o‘tkir respirator infeksiya, faringobronxit tashxisi qo‘yilib, davolashni davom ettirish va jarohatlarini nazorat qilib turish maqsadida torakal jarrohlik bo‘limiga o‘tkazilgan.
Hozir bolakayning umumiy ahvoli nisbatan qoniqarli. Davo muolajalari reja asosida davom ettirilmoqda.
Sog‘liqni saqlash vazirligi bemorning ahvolini nazoratga olgan. 2-sonli klinik shifoxonaning travmatologiya va neyroxirurgiya bo‘limi boshlig‘i Ismat Nig‘matov hamda Respublika bosh rabiologi Saidvoris G‘aniyev tomonidan bemorning holati muntazam tarzda tekshirib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, sherning egasi uni Instagram orqali qo‘shni davlatdan sotib olgan. Jonivorning egasi bo‘lgan fuqaro Sh.A. (2004-yilda tug‘ilgan)dan ushbu sher bolasini olib kelish, saqlash kabi holatlar bo‘yicha kerakli hujjatlar so‘ralganda hech qanday hujjatlari yo‘qligini aytib, o‘zining qiziqishi tufayli hovlisida boqishini bildirgan. Sher bolasi sud qarori qabul qilinguniga qadar vaqtincha saqlash uchun pitomnikka topshirilgan.