Uch yoshli bolaning umurtqasida noyob operatsiya oʼtkazildi.

Kecha, 20 aprel kuni Toshkentda tugʼma nuqsoni boʼlgan uch yoshli qizaloqning umurtqa pogʼonasida noyob jarrohlik amaliyoti oʼtkazildi. Bu haqda Sogʼliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, qibraylik uch yoshli qizaloq skolioz kasalligining eng ogʼir darajasi bilan tugʼilgan. Ustiga-ustak, rivojlanish nuqsoni umurtqa pogʼonasining buyin, koʼkrak va bel-dumgʼaza qismlarida ham boʼlgan. 20 aprelь kuni Respublika travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida ana shu qizaloqning umurtqa pogʼonasida noyob jarrohlik amaliyoti oʼtkazilgan.

“Muolaja 3 soat davom etdi. Unda umurtqa pogʼonasi skoliotik deformatsiyani korrektsiyalash va endokorrektor-fiksatsiyalash amaliyoti oʼtkazildi. Jonlantirish boʼlimidagi bir kunlik intensiv muolajalardan soʼng qizaloq reabilitatsiya boʼlimiga oʼtkazildi”, deyiladi xabarda.

Taʼkidlanishicha, hozir uning ahvoli qoniqarli. Ogʼriq qoldiruvchi va umumiy quvvatlovchi muolajalar olmoqda. Bemor tezda oyoqqa turib, sogʼlom hayotga qaytadi.

Markaz direktori Murod Irismetovning soʼzlariga koʼra, bolalarda skolioz qancha erta aniqlansa, muolaja ham shuncha samarali boʼladi. Chunki ular ulgʼaygani sari umurtqa pogʼonasidagi suyaklar ham qattiqlashib, davolash qiyinlashadi. Kech bosqichlarda esa operatsiya qilishga toʼgʼri keladi.

“Аvvallari bizda bunday tugʼma nuqsonli bemorlarda amaliyotlarni muvaffaqiyatli oʼtkazish uchun uning yoshi katta boʼlishi kutilar edi. Oqibatda bu umurtqa pogʼonasida ikkilamchi deformatsiyalar va ichki organlarda ikkilamchi oʼzgarishlarga, qolaversa, yurak-qon tomir kasalliklari va nafas yetishmovchiligiga sabab boʼlardi. Uch yoshli bemorda oʼtkazilgan operatsiya shunisi bilan ham noyob va murakkab hisoblanadi”, deydi Murod Irismetov.

Loading

Ob-havo

Tezkor xabar yo`llash

Tezkor xabar yo`llash