“Birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini aholiga yaqinlashtirish va tibbiy xizmatlar samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi prezident qarori qabul qilindi. Bu haqda Telegram’dagi “Huquqiy axborot” kanali xabar berdi.
Xususan:
- 2023-yil 1-yanvardan boshlab joylardagi oilaviy poliklinika filiallari negizida oilaviy shifokor punktlari tashkil etiladi;
- oilaviy shifokor punktlari, oilaviy poliklinika va tuman (shahar) ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarida kunduzgi statsionar ish vaqti soat 20:00 ga qadar uzaytiriladi hamda ularda ishlovchi tibbiyot xodimlari uchun 2022-yil 1-iyundan boshlab qo‘shimcha ustama haqi belgilanadi;
- 2022-yil 1-maydan boshlab birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalaridan olis masofada joylashgan mahallalarda mahalla tibbiyot punktlari tashkil etiladi (2022-yilda jami 1002 ta);
- aholining profilaktik tibbiy ko‘riklari, skrining dasturlar va patronaj xizmati faqat SSV tomonidan tasdiqlangan tartibga muvofiq va belgilangan muddatlarda amalga oshiriladi, boshqa tashkilotlarning ushbu jarayonga aralashuviga yo‘l qo‘yilmaydi;
- 2022-yil 1-sentabrdan boshlab shifokorlarning yakka tartibda oilaviy shifokorlik faoliyatini yuritishga ruxsat beriladi.
Shuningdek, “Qishloq shifokori” dasturi takomillashtiriladi:
- olis va chekka hududlardagi oilaviy shifokor punktlari va oilaviy poliklinikalarda faoliyat yuritayotgan barcha shifokorlar oylik ish haqiga qo‘shimcha 2 million so‘m miqdorida har oylik ustama belgilanadi hamda ularga ipoteka asosida uy-joy sotib olishda uy-joy qiymatining 50 foizigacha qismi, biroq bazaviy hisoblash miqdorining 500 barobaridan oshmagan miqdorda mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan qoplab beriladi;
- olis va chekka hududlarda uzluksiz uch yil ishlagan shifokorlar klinik ordinaturaga test sinovlarisiz qabul qilinadi.