Toshkentga 700 kilogrammga yaqin sifatsiz go‘sht kirib kelishining oldi olindi. Bu haqda “Yoshlar” telekanalining “Yangi davr” informatsion dasturida ma’lum qilindi.
Poytaxt tumanlarida Toshkent shahar IIBB Karantin tadbirlarini ta’minlash guruhi tomonidan maxsus reyd o‘tkazilgan. Toshkent shahar Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish bo‘limi bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda dastlab kichik hajmdagi yuk mashinasi to‘xtatib, tekshirilgan. Bu jarayonda avtomobil yukxonasidan 490 kilogrammdan ziyod veterinariya hujjatlarisiz, kelib chiqishi noma’lum bo‘lgan hayvon go‘shti olib ketilayotgani aniqlangan. Ta’kidlanishicha, shu kuni bunday go‘sht mahsulotlarini olib ketayotgan jami uchta mashina to‘xtatilgan. Ularning birida 270 kilogrammga yaqin yirik shoxli mol go‘shtini olib ketayotgan bo‘lgan.
Haydovchilarning aytishicha, go‘sht mahsulotlari Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumani hamda Qarshi shahridan yuklab yuborilgan.
Veterinariya mutaxassislarining so‘zlariga ko‘ra, ushbu go‘sht mahsulotlari og‘ir kasal bo‘lgan qoramollarga tegishli bo‘lib, ular iste’molga mutlaqo yaroqsiz hisoblanadi.