Energetika vazirligi oʼzbekistonliklar 1 kVt/soat elektr energiyasi uchun 7500 soʼmdan toʼlashi haqidagi xabarga munosabat bildirdi.
Ijtimoiy tarmoqlarda Oʼzbekistonda energiya resurslari uchun ijtimoiy norma oyiga 200 kVt boʼlishi haqida maʼlumot tarqaldi. Bundan tashqari, isteʼmolchi elektr energiyasidan koʼproq foydalansa, 1 kVt/soat elektr energiyasi uchun 7500 soʼm toʼlashi ham maʼlum qilingan.
Energetika vazirligi matbuot xizmati xabariga koʼra, yuqoridagi maʼlumotlar ishonchli emas. Oʼzbekistonliklardan bu xabarlarga ishonmaslik soʼralgan.
Eslatib oʼtamiz, Oʼzbekistonda energetika sohasi isloh qilinmoqda. Sohada aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini, jumladan, pensiya va bolalar nafaqasi oluvchilarni qoʼllab-quvvatlash choralari koʼriladi.
Energiya isteʼmolining «ijtimoiy normasi» deganda aholi tomonidan pasaytirilgan stavkada toʼlanadigan energiyaning maʼlum miqdori tushuniladi. Yaʼni, maʼlum bir belgilangan qiymatgacha nisbatan past (imtiyozli) narxda sotiladi va undan yuqori narxda erkin bozor narxida sotiladi.
Tegishli normativ-huquqiy hujjat loyihasi yaqin kunlarda umumxalq muhokamasiga kiritiladi. Barcha fikr va takliflar oʼrganiladi.