2021-yil 16-17-dekabr kunlari Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi tashabbusi bilan “Qiynoqqa solishga qarshi kurashish: xalqaro amaliyot va milliy tajriba” mavzusida oʻquv kursi tashkil etildi. Deb xabar bermoqda.
Ushbu mashgʻulotlar Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, BMTning Narkotiklar va jinoyatchilik boʻyicha boshqarmasining Markaziy Osiyo boʻyicha hududiy boʻlinmasi, BMTning Inson huquqlari boʻyicha oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyo boʻyicha hududiy boʻlinmasi hamkorligida oʻtkazildi.
Oʻquv kursida Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi hamda Malaka oshirish instituti, Bosh prokuratura Akademiyasi masʼul xodimlari, professor-oʻqituvchilari, BMTning Narkotiklar va jinoyatchilik boʻyicha boshqarmasining Markaziy Osiyo boʻyicha hududiy boʻlinmasi, BMTning Inson huquqlari boʻyicha oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyo boʻyicha hududiy boʻlinmasi ekspertlari, Jazoni ijro etish departamenti, Fargʻona va Toshkent viloyati ichki ishlar boshqarmalari, tezkor-qidiruv, tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergov faoliyatini amalga oshiruvchi organlar va jazoni ijro etish muassasalari xodimlari ishtirok etdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori ijrosi doirasida mazkur oʻquv kursi 3 bosqichda tashkil etilmoqda.
Jumladan, joriy yil 17-noyabrdan – 17-dekabrga qadar Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan Ichki ishlar vazirligi tizimida faoliyat olib boruvchi 1 ming 200 nafar tezkor-qidiruv, tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergov faoliyatini amalga oshiruvchi organlar va jazoni ijro etish muassasalari xodimlari uchun shunday mashgʻulotlar rejalashtirilgan.
Oʻquv kursi BMTning ustav organlari va shartnomaviy qoʻmitalari tavsiyalarini hisobga olgan holda qiynoqqa solishning oldini olish boʻyicha milliy preventiv mexanizmlarni takomillashtirish sohasida tezkor-qidiruv, tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergov faoliyatini amalga oshiruvchi organlar va jazoni ijro etish muassasalari xodimlarining qiynoqqa solishga qarshi kurashishda ilgʻor xalqaro amaliyot va milliy tajribani qoʻllashga oid amaliy koʻnikmalarini yanada oshirishga moʻljallangan.
Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazining matbuot xizmati