O‘zbekistonda reklamalarni davlat tilida berish qat’iy belgilanishi kutilmoqda. Qonunchilik palatasi qabul qilgan qonunga binoan, davlat tilidagi reklama boshqa tillarda ham aynan qaytarilishi mumkinligi belgilanmoqda.
Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi direktori Elmurod Hayitmetov “Reklama to‘g‘risida”gi qonunning yangi tahriri yuzasidan ma’lumot berdi.
Ma’lum qilinishicha, ayni damda Senat yalpi majlisida ko‘rib chiqish uchun tayyorlanayotgan qonunda bir qator yangiliklar nazarda tutilgan.
“Shu paytga qadar amaldagi qonunimizda reklama tiliga bo‘lgan talab mavjud emasdi. Ya’ni reklama uni beruvchining xohishiga ko‘ra, istalgan tilda berilishi mumkin edi. Endilikda reklamani dastlab davlat tilida berish qat’iy belgilanyapti va reklama beruvchining ixtiyoriga ko‘ra, boshqa tillarda ham aynan qaytarilishi mumkin”, – deydi agentlik direktori.
Shuningdek, qonunda voyaga yetmaganlarni reklamaning salbiy ta’siridan himoya qilishga qaratilgan normalar ham mavjud.
“Voyaga yetmaganlarni xavfli vaziyatlarda ko‘rsatish taqiqlanmoqda. Reklamalarda voyaga yetmaganlarning keskin jarohat olishi mumkin bo‘lgan holatda mahsulotlarni reklama qilish, reklama qilinayotgan mahsulotga ega bo‘lmaslik uning tengdoshlari va jamoatchilik orasida kamsitilishiga olib kelishi haqidagi tasavvurni shakllantirish, kundalik ovqatlantirishlar sonini ko‘paytirishni yoki asosiy oziq-ovqatlarni yengil oziq-ovqatlar, qandolat mahsulotlari va boshqalar bilan almashtirishni rag‘batlantiruvchi reklamaga yo‘l qo‘yilmaydi.
Shuningdek, ayrim mahsulotlar reklamasi tegishli ogohlantirish va qo‘shimcha axborotlarni ilova qilgan holda amalga oshirilishi talabi belgilanmoqda. Xususan, dori vositalari, biologik faol qo‘shimchalar, energetik ichimliklar, xalq tabobati, lotereya reklamalariga ularning xavfi, ta’siri to‘g‘risida qat’iy ogohlantirishlar berib borish talabi qo‘yilmoqda”, – dedi Elmurod Hayitmetov.
Uning qo‘shimcha qilishicha, ko‘plab iste’molchilarning shikoyatlari inobatga olinib, uyali aloqa kompaniyalari tomonidan foydalanuvchilarning roziligisiz uyali aloqa vositalariga turli reklamalar jo‘natilishi ham taqiqlanmoqda.