Hukumat qarori bilan “Qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish faoliyatini amalga oshirish tartibi to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlandi.
Nizomga ko‘ra, qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish uchun ruxsatnomalar Davlat geologiya qo‘mitasi tomonidan har yili tasdiqlanadigan yer qa’ri uchastkalari bo‘yicha beriladi.
Bunda yer qa’ri uchastkasi ishonchli, aniq konturlari va chegaralari ko‘rsatilgan, o‘lchami 5 gektargacha bo‘lgan sochma oltin konlari bo‘ladi.
Yer qa’ri uchastkalari “E-auksion” portaliga qo‘yiladi va uning bir gektari boshlang‘ich narxi BHMning 35 baravari (9 million 450 ming so‘m) etib belgilanadi. Ruxsatnomalar “E-auksion”dagi auksion yakunlari bo‘yicha faqat O‘zbekiston rezidentlariga 3 yilga beriladi.
Ruxsatnoma olganlar qazish ishlarini boshlashdan avval yozma ravishda hokimiyatni, Ekologiya, Sanoat xavfsizligi qo‘mitalari, Kon-geologiya inspeksiyasini xabardor qilishi kerak.
Qazib olingan qimmatbaho metallar qabul kassalariga, zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchi tadbirkorlarga sotiladi.