Qirg‘izistonning Botken viloyati “Margun” qishlog‘ida O‘zbekiston tomonidan qurib bitkazilgan maktab 1-aprel kuni foydalanishga topshirildi.
Yangi maktabning ochilish tantanalarida O‘zbekiston xalq ta’limi vaziri Baxtiyor Saidov, Qirg‘iziston ta’lim va fan vaziri Almazbek Beyshenaliyev qatnashdi. Ochilish marosimida, shuningdek, onlayn videokonfrensiya tartibida O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov va Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi raisi Akilbek Japarov ham qatnashgan.
Abdulla Aripov Qirg‘iziston prezidentining chegaradosh viloyatlardagi vakolatli vakillari hamda O‘zbekistonning chegaradosh viloyatlari hokimlari kengashining to‘rtinchi yig‘ilishida ishtirok etish uchun Qirg‘izistonning O‘sh viloyatida bo‘lib turgandi.
Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi raisi mazkur maktabning ochilishi ikki xalq o‘rtasidagi buyuk do‘stlik ramzi ekanini ta’kidlagan.
“Ikki davlat o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlik rivoji ko‘p yillik tarixiy qardoshlik, do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik rishtalari samarasidir. Botken viloyati O‘zbekistonning Farg‘ona viloyati bilan chegaradosh va biz o‘zaro manfaatli barcha sohalarda transchegaraviy hamkorlikni kengaytirish tarafdorimiz. O‘zbekiston rahbariyatiga Botken viloyatida ushbu ta’lim muassasasini qurishda ko‘rsatgan yordami uchun minnatdorchilik bildiraman. Bugungi tadbir birodarlik rishtalarimiz yanada mustahkamlanib, rivojlanib borayotganidan dalolatdir”, — degan Oqilbek Japarov.
O‘z navbatida Abdulla Aripov bu kabi tadbirlar orqali ikki qardosh xalq o‘rtasidagi do‘stlik yanada mustahkamlanishini ta’kidlab, Qirg‘iziston ga tinchlik va farovonlik tilagan.
Ma’lumot uchun, maktab qurilishi bo‘yicha kelishuvga Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarovning 2021-yil 11—12-mart kunlari O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida Shavkat Mirziyoyevning shaxsiy tashabbusi bilan erishilgan.
330 o‘rinli yangi maktab binosi qurilishi 2021-yil iyul oyida boshlangandi. Loyihaning smeta qiymati 3,5 million dollarni tashkil etib, ushbu pullar O‘zbekiston tomonidan ajratilgan.