Ijtimoiy tarmoqlarda Namangan viloyatining Norin tumanida IIB xodimlari va fuqarolar o‘rtasida tortishuv yuzaga kelgani tasvirlangan video tarqaldi. Viloyat IIB axborot xizmati mazkur holatga rasmiy munosabat bildirdi.

Ma’lum qilinishicha, 14-aprel kuni soat 07:30 larda Norin tumanidagi avtomobil bozori atrofida “Jiguli” rusumli transport vositasi haydovchisi shu hududga yig‘ilgan fuqarolarning hayotiga xavf tug‘dirib, yuqori tezlikda harakatlangani uchun jamoat tartibini saqlashga jalb etilgan xodimlar tomonidan to‘xtatilgan. Tekshiruv davomida haydovchining hech qanday hujjatlari yo‘qligi ma’lum bo‘lgan.

Bayonnoma rasmiylashtirish vaqtida avtomashina egasi qonuniy talabga bo‘ysunmay, inspektorga faol qarshilik ko‘rsatgan. Ta’kidlanishicha, hozirda tuman IIB tomonidan ushbu fuqaroga nisbatan tegishli tartibda chora ko‘rilmoqda.