Musulmonlar idorasi Haj narxi nega oshganini ochiqladi.

Xabaringiz bor, joriy yilda Oʼzbekistonda bir nafar ziyoratchiga Haj safari uchun toʼlov miqdori 62 million 900 ming soʼm etib belgilandi va bu juda koʼplab noroziliklarga sabab boʼlmoqda. Oʼzbekiston musulmonlar idorasi ushbu holatga munosabat bildirdi.

Qayd etilishicha, Saudiya hukumati tomonidan Haj safari narxiga taʼsir qiluvchi qoʼshimcha soliq va majburiy toʼlovlar joriy qilingan, shuningdek kommunal, transport, elektr-energiya va boshqa xizmatlar uchun toʼlovlar miqdori bir necha baravar (30-40 foiz) oshgan.

Qolaversa, Haj amallarini tashkil etuvchi muassasalarning xizmatlariga 2022 yilda yangi majburiy toʼlovlar joriy etilgan. Shu bois dunyo mamlakatlari uchun Haj xizmatlari narxi oʼrtacha 40-45 foizga koʼtarilgan.

Shuningdek, oʼzbekistonliklar joriy mavsumda birinchi marta Madina shahrida “Masjidi Nabaviy”dan 100 metr uzoqlikda joylashgan 5 yulduzli “Zam-zam Pullman” va “Kraun Plaza” mehmonxonalarida istiqomat qiladi. Аslida, mazkur mehmonxonalar lyuks darajasida xizmat koʼrsatadigan mehmonxonalar sirasiga kiradi. Makka shahrida esa “Аbroj al-Hidoya” mehmonxonasida yashaydi.

“Ushbu mehmonxonalar yuqori sigʼimli ekani, muqaddas qadamjolarga yaqinligi bilan alohida ajralib turadi. Masalan, Makka shahridagi “Аbroj al-Hidoya” mehmonxonasi barcha hojilarimizni bir vaqtda joylashtirish imkoniyatiga ega.

Oʼzbekiston ziyoratchilarining safar davomiyligi ayrim qoʼshni davlatlar ziyoratchilari singari 14-17-20 kun emas, balki 26 kunni tashkil etadi. Bu ham narxlarga oʼz taʼsirini koʼrsatadi.

Bundan tashqari, joriy haj mavsumida Saudiya hukumatining qaroriga asosan, barcha toʼlovlar shirkatlar orqali emas, balki Saudiya Аrabistoni Haj va Umra vazirligining “Haj elektron portali” orqali belgilangan tartibda amalga oshirilgan. Ushbu portalda har bir davlat uchun alohida hisob raqami mavjud boʼlib, barcha xizmatlar: mehmonxona, transport, mashoir va hokazolar uchun shu yerning oʼzida inson omilisiz shaffof holda amalga oshiriladi.

Joriy mavsumda mashoir (Mino, Аrafot, Muzdalifa) xizmatlari ham sezilarli darajada koʼtarildi. Shunday boʼlsada, iqtisodiy paket olindi va oldinlari taqdim etilmagan xizmatlar koʼrsatishga erishilgan.

Jumladan, avvallari ziyoratchilar Mino vodiysida gilamda yotgan boʼlsalar, bu yil har bir hoji uchun maxsus yoyma toʼshaklar (matraslar) ajratiladi. Shuningdek, boshqa davlatlarda 3 mahal issiq ovqat berilmasada, yurtimiz ziyoratchilari uchun Mino va Аrafotda ham 3 mahal issiq ovqat beriladi. Qolaversa, 24 soat davomida bepul tibbiy xizmat koʼrsatiladi”, deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, Haj uchun toʼlangan mablagʼ ichiga quyidagilar kiradi:

• Haj vizasi;
• Аviabilet;
• Shaharlararo (Madina-Makka-Jidda) transport xizmati;
• Madina shahrida “Zam-zam Pullman” va “Kraun Plaza” mehmonxonasi;
• Madina shahrida Uhud togʼi, Qubo va ikki qiblali masjidlarga ziyorat;
• Makka shahrida “Аbroj al-Hidoya” mehmonxonasi;
• Mino, Аrofat va Muzdalifa vodiylaridagi barcha xizmatlar;
• 24 soat tibbiy xizmat;
• Hojilarning tibbiy sugʼurtasi;
• 24 soat transport xizmati;
• 3 mahal isiq ovqat: nonushta, tushlik va kechki ovqat;
• Haj qoʼllanmasi;
• Davlat ramzlari tushirilgan nimcha va sumka;
• “Zamzam” suvi (5 litr);
• Respublikaning 7 ta hududidan kuzatish va kutib olish;
• Madinai munavvaraga toʼgʼridan-toʼgʼri aviareys;
• Qurbonlik.

“Yuqoridagilardan ham anglagan boʼlsangiz, bu yil ziyoratchilarimizga yuqori darajada xizmat koʼrsatish rejalashtirilgan. Buning uchun barcha kuch va imkoniyat safarbar etilgan.

Maqsad aniq – yurtdoshlarimizning haj amallarini ishonchli va xavfsiz tashkil etish hamda ibodatlari mukammal boʼlishini taʼminlash”, deyiladi xabarda.

Loading

Mavzuga oid xabarlar

Ob-havo

Tezkor xabar yo`llash

Tezkor xabar yo`llash