Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy harbiy yoki favqulodda holat sharoitida harbiy ma’lumotlarni chop etishni keskin cheklovchi qonunni imzoladi.

“UNIAN” xabariga ko‘ra, endilikda quyidagilar aks etgan fotosurat va videolarni chop etish taqiqlanadi:

  • Ukraina armiyasining harakatlari va harbiy inshootlar;
  • Otishma yuz bergan yoki snaryad tushgan joylar;
  • Raketaning uchish trayektoriyasi;
  • Ko‘cha, avtobus bekatlari, do‘konlar va fabrikalar nomlari;
  • Ukraina havo mudofaasining ishi;
  • Manzillar, vizual ma’lumotnoma yoki jangovar koordinatali ma’lumotlar;
  • Avtomobillar va zirhli mashinalarning raqami;
  • Yaralangan yoki halok bo‘lganlarning ismlari.

Qonun, shuningdek, Ukrainaga kelayotgan xorijiy harbiy yordamlarning harakati haqidagi ma’lumotlarni tarqatishni ham taqiqlaydi. Faqatgina Ukraina Mudofaa vazirligi va Qurolli Kuchlar Bosh shtabi tomonidan jamoatga ochiq holda nashr etilgan materiallar bundan mustasno.

Taqiqni buzganlar 12 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Harbiy ma’lumotlar yollanma niyatda va oldindan kelishilgan holda e’lon qilingan taqdirda esa maksimal jazo qo‘llaniladi.