2022-yilda Infratuzilma dasturi doirasida va qo‘shimcha ajratilayotgan jami 575 milliard so‘m hisobidan 1 823 kilometr ichimlik suvi tarmoqlari, 74 ta suv inshooti quriladi va rekonstruksiya qilinadi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev Qarshi shahrida bo‘lib o‘tgan xalq deputatlari viloyat kengashining navbatdan tashqari sessiyasida aytib o‘tdi.

Natijada, 500 ming nafar aholi ilk bor sifatli ichimlik suv bilan ta’minlanadi, 160 ming nafar aholining suv ta’minoti yaxshilanadi. Markazlashgan ichimlik suv ta’minoti 43 foizdan 58 foizga yetkaziladi.

Mas’ullarga 110 kilometr uzunlikdagi Yakkabog‘—Qarshi—Koson magistral ichimlik suv tarmog‘ini qurish bo‘yicha bir oy muddatda qaror tayyorlab, 2022—2024-yillarda qurilishini ta’minlash topshirildi.

Bundan tashqari, 2022—2024-yillarda umumiy qiymati 127 million dollar bo‘lgan 2 ta loyiha doirasida, Koson va Muborakda 151 ming aholining suv ta’minoti, Qarshi shahrida 250 ming aholining kanalizatsiya xizmati yaxshilanadi.

“2022-yilda 1 215 kilometr elektr uzatish tarmoqlari, 330 dona transformator va 3 ta yuqori kuchlanishli podstansiya quriladi. Natijada, 479 ta mahalladagi 270 ming aholi va 5 mingdan ziyod tadbirkorlarning elektr energiya ta’minoti yaxshilanadi”, — deydi davlat rahbari.

Kitob, Shahrisabz tumanlari va Shahrisabz shahrining gaz ta’minotini yaxshilash uchun 1-sentabrga qadar qo‘shimcha 14 kilometr gaz tarmog‘i tortib kelinadi. Bunda, 9 mingdan ziyod aholining gaz ta’minoti qayta tiklanadi va 240 ta korxonaning gaz ta’minoti yaxshilanadi, 300 ta korxona gaz tarmog‘iga ulanadi. Mutasaddilarga, shuningdek, 2022-yilda:

  • Infratuzilma dasturi doirasida va qo‘shimcha ajratilgan 847 milliard so‘m mablag‘ hisobidan 1 570 kilometr ichki yo‘llarni, 29 ta ko‘priklarni ta’mirlash, 190 kilometr yo‘llarni beton qoplamaga o‘tkazish;
  • Ko‘kdala tumani markazini Qarshi shahri bilan bog‘lovchi 49 kilometr avtomobil yo‘lini rekonstruksiya qilish, hamda 2 tasmali yo‘ldan 4 tasmali yo‘lga o‘tkazish bo‘yicha loyihani boshlash topshirildi.

Bundan tashqari, 82 milliard so‘m mablag‘larni jalb qilgan holda, 2022-yilda Qarshi xalqaro aeroportini rekonstruksiya qilish choralarini ko‘rish ta’kidlandi.