Prezident almashganidan keyin fuqarolarning tashqi ko‘rinishi va xulqi jiddiy nazorat qilinmoqda.
Turkmanistonning Mari shahrida o‘nlab yigit-qizlar jamoat joylarida qo‘l ushlashib yurgani uchun qo‘lga olingan, deb yozadi Meduza “Azattik radiosi”ga tayanib.
Politsiya qo‘lga olinganlarni “an’anaviy jamiyat negizlarini” buzganlikda aybladi. Bo‘linmalarga ular qo‘liga kishan kiydirilgan holda olib kelingan; u yerda ayollarga ma’ruza o‘qilib, “erkaklar bilan qo‘l ushlashib, ular axloq-odob qoidalarini buzgani” aytilgan.
Qo‘lga olinganlar jamoat joylarida endi his-quyg‘ularini namoyon qilmaslik haqidagi va’dalariga imzo qo‘yganidan keyin ozod etilgan. Politsiyachilar ularni yana shunday qoidabuzarlikka yo‘l qo‘ysa, “jiddiy muammolar” kutishi haqida ogohlantirgan. “Azattik radiosi” qayd etishicha, Turkmanistonda qo‘l ushlashish rasman taqiqlanmagan.
Aholining, asosan ayollarning xulqi va tashqi ko‘rinishi ustidan nazorat hokimiyat tepasiga Serdar Berdimuhamedov kelishi bilan sezilarli tarzda kuchaydi — mart oyida u prezident saylovida g‘olib bo‘lib, otasi Gurbanguli Berdimuhamedovning o‘rnini egalladi.
Aprel oyidan mamlakatda ko‘krak va labni kattalashtirish yoki tatuaj kabi ba’zi kosmetik jarrohliklar taqiqlandi. Tirnoq va kiprik o‘stirgan ayollar ko‘chalarda ommaviy qo‘lga olinayotgani xabar berildi. Ayollar ularni oldirib tashlashga va katta jarimalar to‘lashga majburlangan.
Davlat korxonalari xodimalariga ishdan bo‘shatilish tahdidi bilan kosmetikadan voz kechish haqida tilxat yozdirilgan. Maktablarda katta sinfda o‘quvchi qizlar bilan manikyur va pedikyur nojoizligi to‘g‘risida “tushuntirish ishlari” olib borilgan. Davlat transport kompaniyalarida ishlaydigan o‘nlab styuardessalar va provodnik ayollar ko‘krak implantlari qo‘ydirgani va labini shishirgani uchun ishdan bo‘shatilgan.
Tashqi ko‘rinishga nisbatan cheklovlar kiritilgani haqida rasman e’lon qilinmagan; rahbarlar o‘z ishchilariga tegishli normativ hujjatlarni taqdim etishdan bosh tortgan.
Bundan tashqari, hukumat ayollarga avtomobilning oldingi o‘rindig‘iga o‘tirishni taqiqladi. Haydovchilar esa endi o‘zlariga qarindosh bo‘lmagan ayollarni mashinasida olib yurishiga yo‘l qo‘yilmaydi: yo‘l politsiyasi ayollar o‘tirgan mashinalarni to‘xtatib, haydovchi bilan qarindoshlik aloqalari haqidagi dalillarni talab qila boshladi.
Hukumatga yaqin manbalar “Azattik”ga ma’lum qilishicha, hukumat ayollar uchun chet elga chiqishni taqiqlash ustida o‘ylamoqda. U holda ular faqat xorijda davolanish uchungina Turkmanistonni tark etishi mumkin bo‘ladi.
Ayollarning tashqi ko‘rinishi borasidagi qat’iy cheklovlar avval, Gurbanguli Berdimuhamedov prezidentligi davrida ham vaqti-vaqti bilan e’lon qilib turilgan. Ammo ularning ijrosi ustidan qat’iy nazorat bo‘lmagan.